9 Фев 2024

“Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburni anglash” mavzusida adabiy kecha

“Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburni anglash” mavzusida adabiy kecha
Oʻzbek milliy adabiyoti haqida soʻz ketganda, Mir Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur Hazratlarining maʼnaviy xazinasiga toʻxtalmaslikning sira iloji yoʻqdir. Butun dunyoga nomlari mashhur boʻlgan ushbu ajdodlarimiz eng qiyin davrda yashab, ijod qildilar. Ular oʻsha davr va oʻzlarigacha boʻlgan insoniyat maʼnaviyati, maʼrifati va madaniyati yutugʻining barcha sohalarini mukammal bilib va oʻzlashtirib olgan, oʻzlari tanlagan sohalarning hali hech kim tomonidan zabt etilmagan choʻqqilarini egallagan ulugʻ siymolar, qomusiy ilm, aql egalari boʻlganlar.

Shuning uchun ham ularning boy, serqirra ijodlri, tengi yoʻq va takrorlanmas ilmiy-falsafiy, badiiy, tarixiy asarlari asrlardan asrlarga, davrlardan davrlarga eson-omon oʻtib, barcha algʻov-dalgʻovlarga bardosh berib bizlargacha yetib keldi.

Shu bois har yili mamlakatimizda mana shu ulugʻ daholarimizning tavallud sanalari keng miqyosda nishonlanadi.

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasida Alisher Navoiy tavalludining 583 hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 541-yilligiga bagʻishlangan “Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburni anglash” mavzusida adabiy kecha tashkil qilindi.

Unda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori, filologiya fanlari doktori Adhambek Alimbekov hamda Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat musiqali teatri aktyori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Mehmonali Salimov va Qoʻmita markaziy apparati va tizim tashkilotlari xodimlari qatnashdi.

Tadbirni rais oʻrinbosari Abror Akbarov ochib berib, mehmonlar bilan tanishtirdi. Soʻzga chiqqan mehmonlar ulugʻ ajdodlarimizning qoldirgan asarlari, ularning zamondoshlari, tarixnavis va adabiyotshunos adiblarimizning yozgan asarlari orqali siyratlari haqida fikr bildirdilar. Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur asarlari tilining naqadar jozibadorligini ular yaratgan shohbaytlar bilan boshlanadigan ashulalar bilan adabiy kecha davom etdi. Mehmonali Salimovning jonli ijrosida Navoiy va Bobur gʻazallariga bagʻishlangan ashulalar tinglandi. Qoʻmita markaziy apparati va tizim tashkilotlari xodimlari uchun savol-javoblar oʻtkazilib, zukko xodimlarga kitoblar taqdim etildi.